Xitoyning nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lgan Chang’an universitetida Shaansi provinsiyasi oliy taʼlim muassasalarining “Besh qitʼa Chang'anda jam bo‘ldi — Yoshlik dunyo sari” shiori ostidagi an’anaviy xalqaro madaniyat festivali (International Cultural Festival of Shaanxi Universities) yuksak saviyada tashkil etildi.

Dunyoning turli burchaklaridan kelgan yoshlarni hamda madaniyatlarni bir nuqtada birlashtirgan ushbu nufuzli tadbirda o‘zbekistonlik talabalar ham munosib ishtirok etishdi. Xususan, ayni paytda Chang'an universitetida akademik mobillik dasturi doirasida tahsil olayotgan universitetimiz talabalari festival doirasida o‘z milliy stendlarini tashkil qilib, o‘zbek xalqining boy madaniyati, urf-odatlari va milliy liboslarini keng jamoatchilikka namoyish etishdi.

Talabalarimizning chiqishlari va milliy madaniyatimiz taqdimoti festival ishtirokchilarida katta taassurot va qiziqish uyg‘otdi. Ushbu xalqaro platforma talabalar uchun nafaqat o‘z vatanini xorijda tanitish, balki boshqa xalqlar madaniyati bilan yaqindan tanishish va do‘stona aloqalarni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.