Universitetimizdan Chang'an universitetiga tarixiy hadya

Toshkent gumanitar fanlar universiteti ta’sischisi J.S. Saburov rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Chang’an universitetiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida navbatdagi muhim madaniy-akademik tadbirda ishtirok etdi. Delegatsiya a’zolari universitetda xorijlik talabalar ta’limining 70 yillik yubiley tantanalari bilan bir qatorda, o‘zbekistonlik taniqli xitoyshunos olim, o‘nlab kitoblar tarjimoni va lug‘atshunos Ilhom Qosimovning yangi nashr etilgan “Xitoy donishmandlari” kitobining maxsus taqdimot marosimida qatnashdilar.
Mazkur nufuzli taqdimot doirasida Toshkent gumanitar fanlar universiteti delegatsiyasi Chang’an universitetining faxriy bitiruvchisi bo‘lmish Ilhom Qosimov nomidan uning jonajon ta’lim dargohiga qimmatli kitoblar to‘plamini tantanali ravishda sovg‘a qildi. Ushbu ma’rifiy hadya ikki davlat va ikki xalq o‘rtasidagi madaniy ko‘prikni yanada mustahkamlashga, shuningdek, universitetlarimiz o‘rtasidagi akademik hamda madaniy aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladigan ulkan tarixiy hissa bo‘ldi.