Xitoyning nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lgan Chang’an universitetida Shaansi provinsiyasi oliy taʼlim muassasalarining “Besh qitʼa Chang'anda jam bo‘ldi — Yoshlik dunyo sari” (International Cultural Festival of Shaanxi Universities) shiori ostidagi an’anaviy xalqaro madaniyat festivali yuksak saviyada tashkil etildi. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan madaniyatlarni bir nuqtada birlashtirgan ushbu nufuzli tadbirda universitetimiz ta’sischisi boshchiligidagi maxsus delegatsiya a’zolari faxriy mehmon sifatida ishtirok etishdi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari ayni paytda ushbu nufuzli xorijiy oliygohda akademik mobillik dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarimiz bilan uchrashib, ularning xalqaro festivaldagi faolligini alohida e’tirof etishdi. Universitetimiz yoshlari tomonidan festivalda tashkil etilgan milliy stend, o‘zbek xalqining boy madaniyati, betakror urf-odatlari, milliy taomlarimiz va liboslarimiz namoyishi delegatsiya a’zolarida hamda xorijlik ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Universitetimiz delegatsiyasining ushbu nufuzli xalqaro platformadagi ishtiroki hamda talabalarimizning yuksak darajadagi chiqishlari ikki oliygoh o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga, xalqaro hamkorlik va akademik almashinuv dasturlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.